"Birja" gazetasi #97 (1044), 2009 yil 30 iyul
Ma'lumki, Namangan
viloyati respublikamiz iqtisodiyotida o'ziga xos o'rin tutuvchi hududlardan
biri hisoblanadi. Viloyat turli tabiiy qazilmalarga boy maskan bo'lib, xususan Mingbuloq
tumanida neft qazib olish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari hududda
marmar, granit kabi yer osti xom ashyo zaxiralari mavjud.
Hududiy taraqqiyot omili
Namangan viloyati hududidan Farg'ona
vodiysini poytaxt - Toshkent,
shuningdek, respublikamizning boshqa joylari bilan bog'lovchi ikkita tog'
tunneli o'tadi. Ko'plab to'qimachilik va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi yirik
korxonalari qatorida mashhur Chortoq shahridagi kurort maskanlari kabi
shifobaxsh suvga ega sanatoriylar viloyatning haqiqiy ma'nodagi faxri sanaladi.
Xullas, viloyatda iqtisodiy
imkoniyat va salohiyat, zamonaviy infratuzilma mavjud bo'lib, ayni paytda uni
yanada takomillashtirish zarurati ham yo'q emas, buning uchun dunyo tajribasida
aniqlanganidek, investisiya jalb qilish asosiy omil bo'lib xizmat qiladi. hozirda
shu maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amaliyotga qo'llash borasida muayyan
ishlarga kirishilgan.
Bunda avvalo mamlakatimiz
Prezidentining 2009 yil 6 iyuldagi 3215-sonli Farmoyishiga muvofiq tasdiqlangan
"2009-2012 yillarda Namangan
viloyatida sanoatni rivojlantirish dasturi" katta ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur dasturning ijrosi albatta viloyat sanoatining hozirgi holatini tahlil qilish,
ushbu sanoat mahsulotlariga bo'lgan talab va taklifni o'rganish, uning
natijalariga qarab rivojlanish yo'nalishlari va strategiyasini belgilash tabiiy
va zarur jarayon hisoblanadi. Mazkur jarayon ishtirokchisi hisoblangan davlat
organlaridan biri Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi
ma'lumotlariga ko'ra, Namangan
viloyatida "Nestle-Uzbekistan", "Tip-Top" kabi qator qo'shma
korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatmoqda. Umuman, viloyatda 58 ta xorij
kapitali asosidagi qo'shma korxona ro'yxatdan o'tgan. Tahlillarga ko'ra, hududda
to'qimachilik, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta
ishlash yo'nalishini rivojlantirish mumkin. Bundan tashqari maishiy
texnikalarni ishlab chiqarish, elektronika va xizmat sohasini rivojlantirish ham
maqbul yo'nalishlar hisoblanadi.
Shu o'rinda Davlat mulki qo'mitasi
tomonidan tayyorlangan "Namangan
viloyatida yangi korxonalarga xorijiy investisiyani jalb qilish bo'yicha
manzilli dasturi"da belgilangan chora-tadbirlarni alohida ta'kidlash
mumkin. Mazkur dasturga muvofiq, hozirgacha bo'sh yotgan yoki qurilishi
tugallanmagan binolarda yengil va oziq-ovqat hamda poligrafiya sanoati bo'yicha
ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish ko'zda tutilgan. Masalan, Namangan
shahridagi "DOZ №2" qurilishi tugallanmagan binoda kalavani bo'yash
sexi faoliyati yo'lga qo'yilib, yiliga 1220 tonna bo'yalgan kalava ishlab chiqarish,
uning 80 foizini eksportga yo'naltirish hamda 50 ta yangi ish o'rnini yaratish rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 3 mln. AQSh dollari bo'lgan mazkur loyiha asosidagi ishlar Buyuk
Britaniyaning Tomax Trade & Investment LLC kompaniyasi bilan "MRT
Textil" MChJ qo'shma korxonasi hamkorligida amalga oshirilishi ko'zda
tutilgan.
Shahardagi boshqa qurilishi
tugallanmagan binoda yiliga 6 tonna kalava ishlab chiqarish quvvati va 80 foiz
mahsulotni eksportga yo'naltirish rejasiga ega, loyiha qiymati 25 mln. AQSh dollarini
tashkil etuvchi korxonani ochish ishlari Turkiyaning Mert Iplik hamda Buyuk
Britaniyaning Aleta Textil kompaniyasi kabi salohiyatli investorlar bilan
birgalikda olib boriladi. Natijada 100 ta yangi ish o'rni barpo qilinadi. Shuningdek,
Uychi tumanidagi ishlamay turgan 29-sonli bolalar bog'chasi binosida qayta
ishlash korxonasi faoliyati yo'lga qo'yilishi natijasida 4000 tonna toladan
3100 tonna ip-kalava ishlab chiqarish, 60 kishini ish bilan ta'minlash mo'ljallanmoqda.
Bunda salohiyatli investor sifatida Rossiyaning "SIBNAM-PLYuS" MChJ
bilan hamkorlik qilinadi. Mingbuloq tumanidagi "Matlubot chakana savdo"
MChJning bo'sh turgan binosida esa trikotaj mato ishlab chiqarib, eksport qilish
korxonasi tashkil etish orqali 150 ta yangi ish o'rni yaratilishi kutilmoqda. Dasturga
muvofiq, aholiga xizmat ko'rsatish sohasida ham qator loyihalar amalga
oshirilishi mo'ljallangan. Yangiqo'rg'on tumanidagi "Sharshara"
bolalar sog'lomlashtirish oromgohi (BSO) negizida sog'lomlashtirish-rekreasion
markazini, Kosonsoy tumanidagi "Shodlik" BSO negizida sog'lomlashtirish-sayyohlik
majmuasini tashkil etish shular jumlasidandir. Bundan tashqari dasturda belgilanishicha,
Namangan shahridagi
"Ibrat" tipografiyasi negizida nashriyot-poligrafiya uyini ochish va
"Namangan Brauray" MChJ xorijiy korxonasi negizida salqin ichimlik
ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish uchun lyuksemburglik investorlar sarmoyasi
jalb qilinadi.
Manzilli dasturda belgilangan
tadbirlarning alo?ida a?miyatga molik tomoni bu viloyatda yangi korxonalarni
tashkil etish hisoblanadi. Xususan, 2009-2012 yillar mobaynida hududda tovuq go'shti
va tomat pastasi, yengil beton konstruksiyalari, plastik cherepisa, silikatli g'isht,
tibbiyotda ishlatiladigan eritmalar kabi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yangi
korxonalarni tashkil etishga xorijiy investorlarni jalb qilish ko'zda tutilmoqda.
Bundan tashqari viloyat hududida ishlamay turgan korxonalar va bo'sh yotgan
ob'ekt hamda binolardan xorijiy sarmoya asosida foydalanishga doir loyihalar
tayyorlangan. hisob-kitoblarga qaraganda, dasturdagi ushbu loyihalarning
barchasi samarali amalga oshsa, taxminan 10 turga yaqin mahsulot ishlab chiqarilishiga,
ularning 50 foizdan tortib 80 foizgacha qismini eksport qilishga, bir necha
xizmat yo'nalishi tashkil etilishiga, eng asosiysi, mingdan ziyod yangi ish o'rinlari
yaratilishiga erishilishi mumkin.
Bundan tashqari, manzilli dasturga ko'ra,
viloyatdagi "Oqtoshtayyorlash butlash" DUK, "Namanganulgurjisavdo"
OAJ, "Barion" OAJ, "Namangango'shtsutsavdo" AJ, shahardagi
12-sonli bolalar bog'chasi, qizilravot tibbiyot maskanining terapiya bo'limi
kabilarning bo'sh yotgan, foydalanilmay turgan bino va inshootlarida ishlab chiqarish
hamda xizmat ko'rsatishni tashkil etishga doir investisiya loyihalari bo'yicha ham
qator takliflar salohiyatli investorlar e'tiboriga taqdim etilmoqda.
Yana shuni qayd etish kerakki,
"2009-2012 yillarda Namangan
viloyatida sanoatni rivojlantirish dasturi" doirasidagi loyihalarni amalga
oshirish va moliyalashtirish uchun bino va ob'ektlar salohiyatli investorlarga
imtiyozli tarzda, ya'ni "nol" qiymatda investisiya majburiyati bilan berilishi
ko'zda tutilgan. Dastur loyihalarini moliyalashtirishga Yevropa taraqqiyot va
tiklanish banki, Islom taraqqiyot banki, shuningdek, O'zbekiston tashqi iqtisodiy
faoliyat Milliy banki hamda "Asakabank" aksiyadorlik-tijorat banki
kabi moliya tashkilotlari tomonidan ajratiladigan salmoqli mablag'lar yo'naltirilishi
belgilangan.
Oqilbek TOIROV
DMQ Matbuot kotibi.
|