"Birja" gazetasi #106 (1053), 2009 yil 20 avgust
Ma'lumki,
mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish hamda boshqarishda ularni
avvalo hisobga olish muhim ahamiyatga ega. Shu boisdan respublikamizning barcha
vazirlik, idora va muassasalari hamda korxona va tashkilotlaridagi, shuningdek,
chet mamlakatlardagi davlat mulklarining reestrini yuritishni ta'minlash,
ularni inventarizasiya qilishga asosiy e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, davlat
mulklaridan maqsadli foydalanish, uning talon-taroj qilinishining oldini olish
nuqtai-nazaridan davlat mulki hisobini yuritish shu kunning talabiga aylanmoqda.
Joriy yilning birinchi
yarmida boshqarma tomonidan ayni talablar asosida muayyan ishlar amalgam oshirildi.
2009
yilning 1 iyul holatiga ko'ra, respublika miqyosida jami 25 105 ta davlat
korxonasi va muassasasi inventarizasiyadan o'tkazilib, shundan 20 035 tasi
Davlat mulki qo'mitasi tomonidan ro'yxatga olindi. Shu o'rinda davlat mulki hisoblangan
ammo, reestrga kiritilmagan 669 ta korxona muammo bo'lib, jumladan, 24 tasining
strukturasi o'zgartirilgan (qayta tuzilgan), 63 tasi nodavlat mulk shakliga o'tgan,
225 tasi yuridik maqomga ega emas, 27 tasi esa tugatilganiga qaramay, davlat
reestridan o'chirilmagan, 9 tasi amalda mavjud bo'lmagan korxona hisoblanadi.
Agar hozirgacha jami inventarizasiyadan o'tkazilgan davlat korxonasi va
muassasasidan 20 035 tasi davlat reestriga kiritilgan bo'lib, ularga muvofiqlik
guvohnomasi berilgan bo'lsa, shundan 4952 tasiga tegishli guvohnomani berish
ishlari joriy yilning birinchi yarmi mobaynida amalga oshirildi. Hozirda yana
72 ta korxonaga ushbu hujjatni berish borasida mavjud hujjatlar ko'rib chiqilmoqda.
Boshqarma
tomonidan hisobot davrida olib borilgan keng qamrovli ishlardan yana biri - bu
davlat mulkini ijraga berish jarayoni bilan bog'liqdir. Shu o'rinda tubdan
yangilangan va alohida mas'uliyatli vazifa etib belgilangan Vazirlar Mahkamasining
2009 yil 8 apreldagi 102-sonli "Davlat mulkini ijaraga berish tartibini
takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorini asosiy
dasturilamaliy ahamiyatini alohida ta'kidlash kerak. Chunki hozirgacha davlat
mulkini ijaraga berish ishlari ayni paytda o'z kuchini yo'qotib borayotgan
"Ijara to'g'risida"gi qonun, shuningdek, Fuqarolik kodeksi hamda Adliya
vazirligida ro'yxatga olingan "Byudjet tashkilotlari tomonidan vaqtinchalik
bo'sh turgan bino va davlat mulklarini boshqa tashkilotlarga ijaraga berish
tartibi to'g'risida"gi nizom asosida amalga oshirib kelingan bo'lib, bu
boradagi qonunchilikda muayyan bo'shliq mavjud edi. Yangi qaror mulk ijarasini hozirgi
kun talabi asosida tashkil etish imkoniyatini berdi.
Qaror
ijrosini ta'minlash maqsadida boshqarmamizda davlat mulkini ijaraga berish bo'yicha
sektor tuzildi, barcha hududiy boshqarmalar qoshida esa ijara markazlari tashkil
etildi. Ushbu yangi tuzilmalar tomonidan ijaraga beriladigan davlat mulklari bo'yicha
ma'lumotlar bazasini yaratish, ijaraga beriladigan mulklarning ro'yxatini OAVda
e'lon qilish hamda Davlat mulki qo'mitasi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va
tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash davlat qo'mitasi, O'zbekiston Savdo-sanoat
palatasining veb-saytlarida joylashtirish, tegishli moliya organlari bilan
birgalikda ijara to'lovlari stavkalarini belgilash, davlat mulkini ijaraga
berishni tashkil etish va ijaraga berish, davlat mulkini ijaraga berishdan
tushadigan mablag'larni hisobga olish va monitoringini yuritish, ijaraga
berilgan ob'ektlardan maqsadli foydalanilishini, ularning talab darajasida saqlanishini,
ijara to'lovining o'z vaqtida va to'liq to'lanishini nazorat qilish, ijaraga
berilgan davlat mulkini har chorakda xatlovdan o'tkazish kabi ishlar amalga
oshirildi. Qaror qabul qilinganidan keyin o'tgan vaqt mobaynida davlat mulki bo'lgan
ob'ektlarni xatlovdan o'tkazish orqali jami 1535 ta foydalanilmasdan, bo'sh
turgan ob'ektlar aniqlandi. Bunday davlat mulklarining asosiy qismi, masalan,
421 tasi Toshkent viloyatida, 238 tasi Buxoro viloyatida, 157 tasi Samarqand
viloyatida, 134 tasi Qoraqalpog'iston Respublikasida, 126 tasi Qashqadaryo
viloyatida, 101 tasi Farg'ona viloyatida joylashgan. Olib borilgan targ'ibot-tashviqot
ishlari natijasida joriy yilning 6 oyi davomida ilgari tuzilgan shartnomalar
birga qo'shib hisoblaganda jami 3868 ta foydalanilmay turgan davlat ob'ektlari ijaraga
berildi. Joriy yil yakuni bo'yicha 6000 tadan oshishi kutilmoqda. Bu ko'rsatkich
2008 yil davomida ijaraga berilgan ob'ektlar sonidan anchaga ko'pdir. Ijaraga
berilgan ob'ektlar sonining viloyatlar bo'yicha holatida eng yuqori ko'rsatkichni
Toshkent (ilgari tuzilgan shartnomalar bilan qo'shib
hisoblaganda 864 ta), Namangan
(408 ta), Farg'ona (310 ta), Samarqand (260 ta), Andijon (225 ta), Xorazm (216
ta), Navoiy (158 ta) viloyatlarida ko'rish mumkin. Mazkur yo'nalishdagi
ishlarning ahamiyatli jihati shuki, ijaraga berilgan davlat ob'ektlarining 9
foizida sanoat tarmog'ida, 4 foizida qurilish sohasida, 21 foizida transport va
aloqa bo'yicha, 27 foizida savdo va umumiy ovqatlanish, 38 foizida esa boshqa yo'nalishlar
bo'yicha tadbirkorlik faoliyatlari yo'lga qo'yildi. Natijada joylarda ishlab
chiqarish va xizmat ko'rsatish ko'lami birmuncha kengaydi, yangi ish o'rinlari
yaratildi, eng asosiysi, hozirgacha bo'sh turgan, hatto qarovsiz yotgan bino-inshootlar
mamlakat iqtisodiyoti va aholi uchun foyda keltiruvchi maskanlarga aylandi. Shu
bilan birga davlat ob'ektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish hisobidan 1463,2
mln. so'mlik mablag' kelib tushdi, uning 866,0 mln. so'mi mahalliy
byujdetlarning daromad qismini to'ldirdi. Bundan tashqari mulkni ijaraga berish
jarayoni hozirgi sharoit talabidan kelib chiqqan holda, xususan, jahon
moliyaviy-iqtisodiy inqirozi vaqtida tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash asosida
amalga oshirilayotgani ahamiyatini ham e'tirof etish kerak. Bunda mamlakatimiz
Prezidentining 2008 yil 28 noyabrdagi "Iqtisodiyotning real sektori
korxonalarini qo'llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta'minlash va
eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni
katta dasturilamal bo'ldi. Ushbu Farmonga muvofiq, amaldagi ijara to'lovlari
stavkalarining eng kam miqdori masalan, savdo faoliyati uchun 80 foizgacha, qishloq
xo'jaligi sohasi bo'yicha 40 foizgacha, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati sohasida
27 foizgacha pasaytirildi.
Yana shuni ta'kidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining
2009 yil 28 martdagi 87-sonli "Turar-joy va kichik biznes ob'ektlari uchun
qurilish materiallari sotish bo'yicha firma do'konlari tarmoqini tashkil etish
to'g'risida"gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda 31 ta qurilish
materiallari bilan savdo qiluvchi do'kon uchun joy ajratildi. Ayni paytda yana
54 ta bo'sh turgan ob'ekt-inshootdan shu maqsadda foydalanish masalasi "O'zqurilishmateriallari"
AK bilan hamkorlikda ko'rib chiqilmoqda.
Ayni
paytda foydalanilmay turgan va tadbirkorlik sub'ektlariga ijaraga berilishi ko'zda
tutilgan davlat ob'ektlarini aniqlash, ularni ijaraga berish, ularning talab
darajasida saqlanishi hamda ijara to'lovlarining amalga oshirilishini nazorat qilish
va monitoringini yuritish ishlarini yanada jadallashtirish, shuningdek, oldingi
tuzilgan shartnomalarni qayta rasmiylashtirish, eng kam ijara stavkasini ko'rib
chiqish, ma'lumotlar bazasini avtomatlashtirish, madaniy meros ob'ektlarini
ijaraga berish muammosini hal etish bilan bog'liq qator vazifalar ustida ish
ketmoqda. Bundan tashqari ijaraga beriladigan ob'ektlar haqidagi ma'lumotlarni aholi
gavjum maskanlarda joylashtirish, matbuot orqali targ'ibot-tashviqot ishlarini
yanada jonlantirish, davlat mulki ijarasiga xususiy mulkdorlarni ham jalb qilish
masalalariga e'tibor kuchaytirilmoqda.
Maqsad
- hukumat qarori bilan yaratilgan keng va qulay imkoniyatdan unumli
foydalanish, "agar joy bo'lsa, mahsulot ishlab chiqaraman, xizmat ko'rsataman",
degan tadbirkorlarga yordam berishdan iborat.
Pirovardida,
hozirgacha amalga oshirilgan ishlar natijasida yaqqol ko'rinib turganidek, kimsasiz,
huvillagan joylar kishini quvontiradigan chiroyli maskanlarga, ta'mirga muhtoj inshootlar
esa shinamgina sexlarga aylanib, shahar va tumanlarimiz ko'rkamligi va obodligiga
hamda mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga, xalqimiz turmush farovonligining
yanada oshishiga xizmat qilsin.
Mavluda HOSHIMOVA
DMQ Davlat mulki reestrini
yuritish
boshqarmasi boshlig'i
|