|
2011 yil 28
fevral kuni Davlat mulkini boshqarish davlat qo'mitasida "Xususiylashtirish -
davlat mulki bo'lgan ob'ektlardan samarali foydalanishning bosh mezoni"
mavzusida matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Unda Davlat mulki qo'mitasi Raisining birinchi o'rinbosari S.
Gafarov, Davlat mulki qo'mitasi boshqarma boshliqlari shuningdek, ommaviy
axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng
ko'lamli islohotlar, xususan xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish,
davlat mulki bo'lgan ob'ektlardan yanada samarali foydalanish yo'llari va bu
borada amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda
xususiy mulkchilikning rolini oshirish kabi masalalarga katta e'tibor qaratilayotgani
ta'kidlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 20 iyulda qabul
qilingan "2007-2010 yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish
va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori
ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, yangi
"2011-2013 yillarda davlat mulkini xususiylashtirish Dasturi" loyihasi bo'yicha
atroflicha ma'lumot berildi.
Shu bilan birga Hukumatimiz topshirig'iga asosan
respublikamizning barcha hududlarida bo'sh turgan, foydalanilmayotgan va qurilishi
tugallanmagan davlat mulki ob'ektlarini xatlovdan o'tkazish ishlarining
natijalari va bu borada rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarga ham to'xtalib
o'tildi.
Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2010 yil 8 iyuldagi "Ishlamayotgan, bo'sh turgan va qurilishi tugallanmagan
davlat mulki ob'ektlari negizida nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni
tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 141-sonli qarori xususida aytib
o'tildi.
Mazkur qarorga asosan, joriy yilning 16 fevraldan
investitsiya kiritish majburiyati bilan nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab
chiqarishni tashkil etish uchun aniq investitsiya majburiyatlari ostida bepul
beriladigan faoliyat yuritmayotgan, bo'sh turgan va qurilishi tugallanmagan
davlat mulki ob'ektlarini "nol" qiymatda sotish bo'yicha boshlangan tanlov
savdolari va ayni jarayonlar to'g'risida gapirildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan barcha
savollarga to'laqonli javob olishdi.
|