|
Joriy yilning 28 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasida "Xususiylashtirish jarayonlarini tartibga solish sohasida qonunchilikni takomillashtirish" mavzusida seminar bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatlari, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Markaziy bank, shuningdek boshqa tegishli vazirlik va idoralar mas'ul xodimlari, Davlat mulki qo'mitasi mutaxassislari, iqtisodchi-olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz rahbari 2010 yilning 12 noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisida iqtisodiyotni liberallashtirish va demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga yo'naltirilgan bir qator qonunchilik tashabbusini ilgari surdi. Xususan, Prezidentimiz I. Karimov o'z ma'ruzasida 1991 yil qabul qilingan "Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to'g'risida"gi qonunni qayta ko'rib chiqib yangi tahrirda qabul qilish zarurligiga alohida urg'u berdi.
Ayni paytda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 80 foizdan ortig'i nodavlat sektor ulushiga to'g'ri keladi. 1991 yil qabul qilingan "Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to'g'risida"gi qonun, o'tgan davr mobaynida saksondan ortiq qonunosti hujjati unga moslashtirilganiga qaramasdan, bugun qaytadan ishlab yangi tahrirda qabul qilishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil
14 yanvardagi "Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasining demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish sohasidagi ustivor yo'nalishlarini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoyishiga asosan, yangi tahrirdagi "Xususiylashtirish to'g'risida"gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Mazkur qonun loyihasi Davlat mulki qo'mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, korporativ boshqaruvni va qimmatli qog'ozlar bozorini rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank shuningdek, boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan xalqaro amaliyot, xususiylashtirish jarayonlarining o'ziga xos xususiyatlari va milliy qonunchilikni o'rganish asosida ishlab chiqildi. Mulkka munosabatni tartibga solish sohasida MDH davlatlari qonunchiligining zarur huquqiy-normativ xujjatlaridan tashqari evropa davlatlari amaliyoti ham o'rganildi.
Tadbir davomida seminar ishtirokchilariga iqtisodiyotda nodavlat sektor rivoji va xususiylashtirishning qonuniy bazasini takomillashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi tahrirdagi "Xususiylashtirish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining asosiy mazmun-mohiyati xususida atroflicha ma'lumot berildi. Shuningdek, mazkur qonun loyihasining xususiylashtirish jarayonlarini tartibga solish sohasidagi zarurati va ahamiyati mavzusida bahs-munozara tashkil etildi.
Qonun loyihasi matni Davlat mulki qo'mitasi rasmiy veb-sayti (www.gki.uz)da joylashtirishgan.
|