|
Joriy yilning 28 oktyabr kuni Davlat mulki qo'mitasida Birja va boshqa shakldagi uyushtirilgan savdo qatnashchilarining xalqaro tashkiloti kengashi raisi Sergey Bogdanov boshchiligidagi MDH mamlakatlari birjalarining rahbarlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv O'zbekiston agrosanoat birjasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Uchrashuvda yig'ilganlarga Davlat mulki qo'mitasi vakillari tomonidan O'zbekistondagi birjalar faoliyati, hususan, bahoni belgilash va savdo bo'yicha bozor mexanizmlarini tashkil etish, turli mulkchilik shaklidagi korxonalarni yuqori likvidli tovar xom-ashyo resurslari bilan erkin ta'minlanish hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda birjalar rolini oshirishga qaratilgan islohotlar hususida batafsil ma'lumot berildi.
MDH birjalari Xalqaro assotsitsiyasining bahosiga ko'ra, hozirda O'zbekiston Respublikasi tovar xom ashyo birjasi eng yirik va dinamik tarzda rivojlanib borayotgan birjalardan ekanligi alohida e'tirof etildi. Ayni paytda manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamizda birjalar faoliyatining huquqiy bazasini takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar kuchaytirilgani, jumladan, yangi tahrirda "Birjalar faoliyati to'g'risida"gi qonun loyihasi tayyorlanayotgani ta'kidlab o'tildi, shuningdek ushbu hujjat loyihasi bilan Davlat mulki qo'mitasining rasmiy veb sayti orqali tanishish mumkinligi ma'lum qilindi.
O'z navbatida delegatsiya a'zolari o'z mamlakatlaridagi birjalar faoliyati va ularning xususiyatlari haqida tegishli axborotlar bilan tanishtirishdi.
Delegatsiya rahbari S. Bogdanovning qayd etishicha, MDH mamlakatlari o'rtasida birja tehnologiyasidan foydalanilgan holda meva-sabzavot mahsulotlari o'tkazish tizimini tashkil etish yuzasidagi ishlarni olib borishda O‘zbekiston agrosanoat birjasi bilan hamkorlik qilib kelinmoqda. Shuning bilan birga, mazkur sohadagi asosiy ustuvor vazifa nafaqat taklif etilayotgan tovarlar haqidagi axborot manbai sifatida birjalar rolini oshirish, balki fyuchers hamda qisqa muddatli kontraktlar asosida to'liq hamda o'z vaqtida bitimlarni amalga oshirishning kafolatli mexanizmini ta'minlashdan iborat.
Uchrashuv davomida tomonlar bu boradagi o'zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
|