|
Joriy yilning 16 dekabr kuni Davlat mulki qo'mitasida Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda korporativ boshqaruv amaliyotini jahon tajribasi asosida takomillashtirish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari tomonidan "Korporativ boshqaruv" loyihasi bo'yicha Sharqiy Yevropa, Osiyo va MDH mamlakatlarida olib borilgan ishlar xususida ma'lumot berildi. Xususan, ayrim davlatlarda Korporativ boshqaruv Kodeksi, Korporativ boshqaruv standartlarini, shuningdek, "Aksiyadorlik jamiyatlari to'g'risida"gi qonun loyihasini tayyorlash va qabul qilish jarayonida korporatsiya vakillarining ishtiroki haqida batafsil to'xtalib o'tildi. Ta'kidlanganidek, "Korporativ boshqaruv" loyihasining muhim qismi muayyan bir davlatda seminarlar, shuningdek, treningning boshqa shakllaridagi tadbirlarni o'tkazishga qaratilgan bo'lib, asosiy maqsadi alohida korxonalarga ichki hujjatlarni tuzishda ko'maklashishdan iborat.
Ma'lum qilinishicha, "Korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo'yicha dastur" loyihasi doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan korporativ boshqaruvni baholash usul-uslubiyoti tatbiq etilgan holda olib boriladigan ishlar ma'lum tartib asosida amalga oshiriladi. Chunonchi, muayyan mamlakatda va u yerdagi korxonalarda dastlab 5-6 oy davomida tahlil ishlari yuritiladi hamda korporativ boshqaruv darajasi baholanadi. Kompaniya-korxona raxbarlari bilan uchrashuv-muloqotlar uyushtiriladi, eng namunali xalqaro amaliyot tadbig'i bilan bog'liq tavsiyalar aks ettirilgan hisobot tayyorlanib, taqdim etiladi.
O'z navbatida Davlat mulki qo'mitasi vakillari tomonidan mamlakatimizda korporativ boshqaruv tamoyilining huquqiy negizi yetarli darajada shakllantirilgani qayd etildi. Shu bilan birga uning amaliyotini yanada takomillashtirish maqsadida bu yo'nalishda faoliyat ko'rsatayotgan xalqaro tashkilotlar hamda maslahatchilar bilan hamkorlik qilishga tayyorlik istagi bildirildi.
Uchrashuv davomida Davlat mulki qo'mitasi bilan Xalqaro moliya korporatsiyasi o'rtasida korporativ boshqaruv sohasida mamlakatimizning yetakchi tarmoq va korxonalari vakillari ishtirokida seminar-uchrashuvlar o'tkazish imkoniyatlarini ko'rib chiqish va axborot almashishni yo'lga qo'yish taklifi o'rtaga tashlandi. Muloqotlar yakunida tomonlar o'zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida vaqti-vaqti bilan amaliy muloqotlarni o'tkazishga kelishib oldilar.
|