|
Davlat mulki qo'mitasi va uning bozor infratuzilma tashkilotlarida Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 21 yanvar, 22 iyul va 19 oktyabrdagi yig'ilishlarida belgilangan muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida muayyan ishlar olib borildi.
Qonunchilik sohasida
Respublikamiz Prezidentining 2011 yilning 14 yanvardagi "Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kontseptsiyasining ustuvor yo'nalishlarini demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoyishi doirasida 6 ta qonun loyihalarini tayyorlash ustida ish olib borildi. Xususan, "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida"gi qonuni loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi. hozirda mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig'ilishida birinchi o'qishda ko'rib chiqilib, ikkinchi o'qishga tayyorlanmoqda.
Davlat mulki qo'mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan va tegishli vazirlik-idoralar bilan kelishilgan "Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
Bundan tashqari "Xususiylashtirish to'g'risida"gi, "Davlat mulkini boshqarish to'g'risida"gi, yangi tahrirdagi "Birjalar va birja faoliyati to'g'risida"gi, "Investitsiya va pay fondlari to'g'risida"gi qonunlar loyihalari tayyorlanmoqda.
Davlat mulki qo'mitasi shuningdek, "Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-qoidalari to'g'risida"gi, "Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida"gi qonunlari loyihalarini ishlab chiqishda hamda "Bankrotlik to'g'risida"gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi qonuni loyihasini tayyorlashda hamijrochi tashkilot hisoblanadi.
Davlat mulkini samarali boshqarish
Davlat mulki qo'mitasi tomonidan 2012 yilning 1 yanvar holati bo'yicha 792 ta (269 ta AJ va 52 ta MChJ) ustav fondida davlat ulushi mavjud bo'lgan xususiylashtirilgan korxonalar faoliyatining monitoringi amalga oshirilmoqda.
Davlat vakili tomonidan ishonchli boshqarilayotgan korxonalarning moliya-xo'jalik faoliyati asosiy ko'rsatkichlarining tahliliga ko'ra, 2011 yilni 776 ta (97,9 foiz) xo'jalik sub'ektida foyda bilan yakunlagan, jumladan, ularning 514 tasida (61,8 foizi) 2010 yilga nisbatan o'sish kuzatilgan.
Davlat mulkini ijaraga berish
Ijara markazlari tomonidan hisobot davrida 17,4 mingtaga yaqin foydalanilmayotgan noturar-joy bo'lgan davlat ob'ektlari aniqlanib, ulardan 16 mingdan ko'prog'i ijaraga berilgan. Natijada 35 mingga yaqin ish o'rinlari yaratildi.
Davlat mulklarini ijaraga berishdan jami 34,2 mlrd. so'mlik mablag' tushimi ta'minlanib, bu 2010 yilga nisbatan 1,65 barobarga ko'p demakdir. Ushbu mablag'larning 50 foizi mahalliy byudjetlarga, qolgani davlat mulkini balansida saqlovchi tashkilotlarga yo'naltirilgan.
Xususiylashtirish
Hisobot davrida 101 ta davlat aktivi jami 67,88 mln. dollar va 65,98 mlrd. so'mga sotilgan. Uning 67,83 mln. dollari va 43,74 mlrd. so'mlik qismini oldi-sotdi shartnomasi bo'yicha investorlar tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish maqsadida zimmaga olingan investitsiya majburiyatlari tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 8 iyuldagi "Ishlamayotgan, bo'sh turgan va qurilishi tugallanmagan davlat mulki ob'ektlari negizida nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori ijrosini ta'minlash doirasida ishlamayotgan, bo'sh turgan va qurilishi tugallanmagan davlat mulki bo'lgan 24 ta ob'ekt jami 31,13 mlrd. so'm va 67,8 mln. dollarlik investitsiya majburiyatlari evaziga hamda 2700 ta yangi ish o'rinlarini yaratish sharti bilan "nol" qiymatda berildi.
Investitsiya
Davlat mulki qo'mitasi tomonidan 135 ta oldi-sotdi shartnomalari bo'yicha investitsiya majburiyatlarining bajarilishi nazoratga olingan. 2011 yilda 88.1 mln. dollar va 22.5 mlrd. so'mlik investitsiya majburiyatlari bajarilgan. Shundan 1 mln. dollarlik va 18,5 mlrd.so'mlik qismi "nol" qiymatda sotilgan ob'ektlar bo'yicha bajarilgan investitsiya majburiyatlari hisoblanadi.
Baholash, birja va rieltorlik faoliyati
2011 yilda baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi 19 ta litsenziya hamda imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tgan 68 nafar jismoniy shaxsga malakali baholovchi sertifikati topshirildi. 2012 yil 1 yanvar holati bo'yicha respublikamizda faoliyat yuritayotgan baholovchi tashkilotlar soni 127 tani (2011 yil 1 yanvarida - 114 ta), sertifikatga ega boholovchilar soni esa 536 nafarni (2011 yil 1 yanvarda - 488 nafar) tashkil etdi. Bundan tashqari, 1152 nafar jismoniy shaxsga birja savdolarining professional qatnashchisi attestati berilgan (ularning 1140 nafari tovar xom ashyo, 12 nafari esa ko'chmas mulk yo'nalishi bo'yicha).
Shu bilan birga, rieltorlik tashkilotlariga rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi 88 ta litsenziya berildi, 618 nafar tegishli imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan jismoniy shaxsga rieltorlik malaka sertifikati taqdim etildi.
|